top of page

SUV HAYOT MANBAI (FORISH BULOQLARI VA HOVUZLARI)

          Suv – insonlar hayot kechirishlari uchun eng muhim omillardan hisoblanadi. Biroq ko‘pchilik odamlarning suvning qadrini to‘liqroq anglay boshlaganlariga hali uncha uzoq bo‘lgani yo‘q. Qachonki, Yer yuzida ichimlik va xo‘jalikka yaroqlik suv manbalarining taqchillashib, unga bo‘lgan ehtiyojning har qachongidan ko‘ra eng yuqori nuqtaga yetganidan keyin ushbu muammoga jiddiy e’tibor bera boshladilar. Va eng achinarlisi, ushbu muammoning harakati faqat yuqoriga ildamlamoqda. Bu albatda, insoniyatga real xavfdir. Shu tufayli odamlarda suvdan foydalanish bo‘yicha tajribalarining shakllanishiga doir tadqiqotlarni olib borish, yuqorida qayd qilingan muammolar yechimi bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda muhim vositalardan biri hisoblanadi. Zero, hozirgi kunda ham suv ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatning barcha sohalari uchun eng muhim hayotiy ahamiyatga ega tabiatning noyob unsuri bo‘lib, odamlarning kundalik ehtiyojidan tortib iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, xususan, qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalari, shuningdek, ekologik muvozanatni saqlashda muhim asos hisoblanadi[1].

         Forish tumani hududining geografik jihatidan turli landshaftlarga daryo vodiylari, cho‘l-dasht hududlari, tog‘ va tog‘oldi hududlarga bo‘linishi, xo‘jalik sohalarining xilma-xil bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Forish tumanining asosiy qismida g‘allakorlik, asosan, bug‘doy, arpa, suli, sholi, kunjat, no‘xat, loviya; bog‘dorchilikda esa uzum, o‘rik, olma, olcha, anor, anjir, shaftoli, yong‘oq, bodom; polizchilikda qovun, lalmi tarvuz, oshqovoq yetishtirilgan.

        Forish tumanida lalmikor yerlarini obod qilishda, sug‘orish manbalarining o‘rni benihoya kattadir. Jizzax vohasining asosiy suv manbalaridan biri bu Sangzor daryosidir. Mintaqaning asosiy sug‘orish tarmog‘i hisoblanuvchi bu daryo Turkiston tog‘ining 3300 metr balandligida joylashgan Shunqor tizmasining shimoli yon bag‘ridan bosh olgan ikki soy – G‘o‘ralash va Jontakaning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Dastlab Morguzar tog‘ining g‘arbiy yon bag‘ri yoqalab shimolga, G‘allaorol vodiysi tomonga oqqan daryo, Morguzar va Nurota tizmalarini bir-biridan ajratib turuvchi Ilono‘tti darasi orqali keskin shimoli-sharqqa Jizzax shahri tomonga, undan keyin esa yana shimoli-g‘arbga burilib Qili cho‘li tomon yo‘naladi. Daryoning suv yig‘ish maydoni 2580 km² ni, ilk manbasidan Qili qishlog‘igacha bo‘lgan uzunligi 123 km ni tashkil qiladi. Sangzor daryosining o‘rtacha suv oqimi miqdori sekundiga 6,9 m³, ba’zi seryomg‘ir yillarda (masalan 1969-yilda) eng yuqori holatdagi suv sarfi sekundiga 2580-300 m³ sekundga, sel kelganda esa 411 m³ teng bo‘lgan.  

       O‘tmishda Sangzor daryosi suvi Ustrushona mamlakatining uch madaniy o‘lkasi Burnamad (Baxmal), Xarkana (G‘allaorol) va Fag‘non (Jizzax) rustaqlarini ichimlik va qishloq xo‘jaligi ta’minotiga sarflangan. O‘rta asrlarda Jizzax shahri va tumani hududida Sangzordan suv chiqarilgan 12 daha arig‘idan hanuzgacha foydalanilmoqda.

Qili. Sangzorning quyi tarmog‘i bo‘lgan Qili anhori mazkur nomdagi qishloqcha yaqinida oqova va yer osti sho‘r suvlari partovidan boshlanib, 30 km shimolda joylashgan Tuzkon ko‘liga quyiladi. Qilining suvi sho‘r va achchiq bo‘lganligi sababli iste’mol va qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsizdir. Ayni paytda ser yog‘ingarchilik va sellar yuzaga kelganda Sangzorning ortiqcha suvi Qiliga tashlab yuborilgan. Bunday vaqtlarda Sangzor suvi Qili o‘zanigacha yetib kelgan va Tuzkonga quyilgan.

          Sayxonsoy. Bu soy Morguzarning shimoli-sharqiy yon bag‘ri bo‘ylab joylashgan. Sayxonsoy Ravotsoyga nisbtan ancha kam suvli bo‘lsa-da, uning havzasida joylashgan Hasangoba, Quduqcha, Sayxon, Tuyoqli qishloqlarining asosiy suv manbai hisoblanadi. Sayxonsoy bo‘ylarida odamzod bronza davridayoq istiqomat qilgan. Ularning hayotidan guvohlik beruvchi qoyatosh tasvirlari galereyasi olimlar tomonidan o‘rganilgan.

           Sayxonsoyning etak qismida esa, asosan, ilk o‘rta va o‘rta asrlarda bunyod etilgan qal’a, qo‘rg‘onlari saqlanib qolgan.

       Tuzkon ko‘li. Jizzax mintaqasining shimoliy qismida Sangzorning quyi oqimida joylashgan Tuzkon o‘rganilayotgan hududda mavjud bo‘lgan yagona ko‘ldir. Tarixda bu ko‘l “Qolgan sir”, ya’ni Sirdaryo qoldirgan eski o‘zan nomi bilan yuritilgan. 1895-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘l yildan yilga qurib borgan. XX asrning 50-yillaridan boshlab cho‘l o‘zlashtirish va sho‘r yerlarni yuvish jarayonida hosil bo‘lgan oqova suvlar kollektor-drenaj tarmoqlari orqali Tuzkon ko‘liga oqizildi. Bunday ishlar hozir ham davom ettirilmoqda. Natijada, hozirga kelib Tuzkon va uning atrofidagi Arnasoy botig‘i deb ataluvchi katta hududda “Arnasoy ko‘llari tizimi” hosil bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra Arnasoy ko‘llarining umumiy maydoni 2300 km² dan oshiq bo‘lgan. Hozirgi vaqtda Arnasoy ko‘lining uzunligi 300 km gacha, eni esa 60 km gacha yetgan. So‘nggi yillarda Arnasoy ko‘li O‘zbekistonning markaziy qismidagi viloyatlar, xususan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari iqlimiga ma’lum darajada ta’sir o‘tkazmoqda. Ayrim manbalarda tumandagi Tuzkon va Aydarko‘l kabi ko‘llarning Orol va Kaspiy dengizlari kabi qadimgi ulkan dengiz, ya’ni Tetis okeanining qoldiqlari hisoblanadi, degan taxminlar ilgari surilgan.

       Tuzkon ko‘li va Arnasoy atrofidan bronza davri, hamda ilk o‘rta asrlarga taalluqli mozorqo‘rg‘onlar aniqlangan. Bu Forish tumani hududida azaldan odamlar yashaganligi, buning asosiy omillaridan biri esa o‘lkaning kishilar xo‘jalik yuritishi uchun qulay tabiiy sharoitga ega bo‘lganligini anglatadi. Mintaqada qadim va antik zamonlardan boshlab inson hayoti uzviy davom etib kelgan. Bu jarayon so‘nggi o‘rta asrlarda faollashgan. Aholi soni o‘sgan. Buning oqibatida yangi yerlarni o‘zlashtirish boshlangan. Bu jarayon, o‘z navbatida suv tanqisligi muammosini keltirib chiqargan. Bu davrda Tuyatortar kanali qazilgan. Daryo, soy, buloq suvlari, shuningdek, mavsumiy yog‘ingarchilikdan yig‘ilgan zaxiralardan keng foydalanilgan.

         Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, xo‘jaliklar sonining ortib borishi suvga ehtiyojni kuchaytirgan. Natijada esa, suvdan oqilona foydalanish, uning zaxirasini yaratish bo‘yicha tajribalar shakllanib borgan. Bu borada tuman hududida dastlabki suv omborlari paydo bo‘la boshlagan. Xususan, Nurota tolg‘larining shimoliy yon bag‘irlarida qurilgan Xonbandi suv ombori shular jumlasidandir. Bu suv ombori haqida akademik A.Muhammadjonov shunday yozadi: “Nurota shimoliy yonbag‘iridagi Osmonsoy va Ilonchisoylarning suvlarini to‘plash uchun X asrda “Xonbandi” suv ombori quriladi. To‘g‘on qurilgach, Osmonsoy darasi ichida uzunligi 1,5 km, eni to‘g‘on oldida 52 m va dara og‘zida 200 metrli suv ombori hosil bo‘lgan. Suv omborida taxminan 1,6 mln kubometr hajmdagi suv to‘plangan”.   O‘z navbatida Xonbandi, G‘ishtbandi hamda Abdullaxonbandi kabi gidrotexnika inshoatlarida olib borilgan tadqiqotlar, o‘z davri uchun juda murakkab hisoblangan inshootlar qurilganini ko‘rsatadi.

         Ushbu suv omborlari Nurota mintaqasidagi tog‘ va tog‘oldi hududi aholisining suvga bo‘lgan talab ehtiyojini muayan darajada qondirgan. Lekin bu suv omborlariga bo‘lgan etiborning kamligi va o‘z vaqtida tozalash ishlarining yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida loyiqa cho‘kindilar bilan to‘lib ishdan chiqishiga sababchi bo‘lgan. Axborotchilar Xonbandi suv omborining XX asrning so‘nggi choragida ham faol foydalanilganligi, undan oqib tushayotgan suvlarning o‘ziga xos sharsharani hosil qilganligini ta’kidlashadi. Dala tadqiqotlari davrida uchqulochlik hamrohlardan birining “sharshara” aks etgan fotosuratlarni zavq bilan tomosha qilib, hikoya qilib bergnaliklari ham buni tasdiqlaydi.

        Tog‘ va tog‘oldi hududlarida yer osti suvlari (buloq) keng tarqalgan. Ushbu kichik suv manbalaridan foydalanishning o‘ziga xos usullari ishlab chiqilganini ko‘rishimiz mumkin. Qishloq joylashgan daralarga kirish yo‘llari bo‘ylab, tog‘ etaklarida kichik-kichik hovuzlar qurilgan. Bunday antiqa gidrotexnika inshooti Nurota tog‘ etaklaridagi qishloqlarda ko‘plab uchraydi. Ularning o‘rni bugungi kunda ham saqlanib qolgan. Dala tadqiqotlari davrida, Uxumsoy qishlog‘ida bunday soylardan 3tasi bo‘lganligi aniqlandi. Biroq ularning 2 tasi umuman foydalanishga yaroqsiz. Buga soy suvlarining hovuzlarga quyilmay qo‘yganligi sabab bo‘gan. Qolaversa, ularning ayrimlari joylashgan hudud bugungi kunda aholi yer-uchastkasiga aylantirilgan. Faqatgina bitta hovuzdan qisman foydalanilmoqda. Unga to‘planayotgan oqova suvlardan hozirda 2-3 xo‘jalik o‘z tomorqalari va bog‘larini sug‘orishda foydalanmoqdalar.

Andagen qishlog‘idagi hovuz

           Bu kabi hovuzchalar “qulfakli hovuz” deb atalib, oddiy hovuzdan tamoman farq qilgan. Oddiy hovuzlar uchun avvalo yer kerakli miqdorda qazilgan bo‘lsa, ushbu suv inshoati to‘g‘ridan to‘g‘ri yerning ustiga qurilgan. Buning uchun deb yozadi A.Muhammadjonov: “bo‘yi 60 m, eni 10 metr keladigan qulay maydon tanlanib, uch tamoniga  tosh va chimdan iborat balandligi 2 m, asosi 3 m, yuqorisi 1,5 metrli devor quriladi. Suv omborchasiga suv uning yuqori qulog‘idan ariq yordamida oqib kirgan bo‘lsa, pastki qulog‘idan (quviridan) suv oqimini muntazam tartibga solib turuvchi yagona vositachi, uchiga latta o‘ralgan 3 metrli xoda yordamida suv chiqarilib turilgan. Bu xoda bilan hovuz tuynugi yopilgan. Maxsus kishi suv zarur paytda xodani ko‘targan va 7-8 soat davomida o‘rtacha 1800-2000 kubometr yig‘ilgan suv butunlay oqib chiqib ketgan”.

      Bunday hovuzchalardan foydalanishda qat’iy tartib intizom ishlab chiqilgan bo‘lib, navbat qishloq oqsoqollari tomonidan chek tashlash yo‘li bilan belgilangan. Nurota tog‘ daryolari va buloqlari suvi yoz boshida juda kamayib ketgan. Shuning uchun avvallari har qaysi qishloqlarda “tagob yer” larni sug‘orish uchun qat’iy navbat bilan suvdan foydalanishgan. Masalan: Sintob va Hisor kabi katta qishloqlarida barcha xo‘jaliklar 10 avlod yoki jamoaga bo‘linishgan. Avlod ichida ham har bir xo‘jalik suvni navbat bilan olgan. Uxum qishlog‘ida daraning har bir tarafiga bittadan suvni ikki hovuzga yig‘ishgan. Keyin olti kun ikki avlod Sultoni va Tabaqli avlodi (ikkalasi qo‘hilib Albaki avlodi xo‘jalaklari soniga teng bo‘lgan) foydalangan. Har olti xo‘jalikka bir hovuz suv berilgan. Oltilikka bo‘linish qarindoshlik belgilariga, navbat esa qur’aga asoslanib tashkil etilgan. Bu odat yaqin kunlargacha amalda bo‘lganligi Uxum qishlog‘ida yashovchi keksa avlod vakillari tomonidan qayd qilingan. Bunda mirob kunlik yoki soat taqsimoti orqali suvni ochgan. Uning maoshi odatda, qishloq jamoasidan yig‘ib olingan.

        Irrigatsion qurilishlar o‘tkazish, qurish va doimiy tozalash ishlarini amalga oshirishda ma’lum qiyinchiliklarga duch kelingan. XIX asr oxiri XX asr boshlariga tegishli arxiv ma’lumotlariga nazar tashlar ekanmiz, bu borada juda ko‘plab ma’lumotlar saqlanib qolganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. XIX asrning 90-yillaridan boshlab Zarafshon daryosining suvlaridan foydalanishni tartibga solish uchun 1894-yil 22-martda Turkiston general gubernatorining chiqargan maxsus buyrug‘iga binoan Samarqand va Buxoro suv taqsimoti doimiy komissiyasi tashkil etildi.

           Uxum qishlog‘idagi hovuz

Ushbu komissiya Samarqand viloyati va Buxoro amirligi o‘rtasidagi suvni taqsim qilishda qator tadbirlarni amalga oshirdi. Jizzax uyezdi aholisi daryo va kanallardan tortilgan ariqlardan jamoa (qishloq)larga bo‘lingan holda suv olishgan. Ko‘pgina volostlar yer osti suvlariga boy bo‘lgani bois aholi undan ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojidan tashqari quduqlar orqali ekinlarini sug‘orish uchun ham foydalanadi. Misol uchun Zomin va Baxmal kabi hududlarni ko‘rsatishimiz mumkin. Bunday ishlar bir qancha qishloqlar aholisi va butun tuman hamda xatto viloyat aholisi ishtirokida o‘tkazilgan. Magistral va kichik sug‘orish kanallarini tozalash uchun yillik jamoaviy ishlar-xashar tashkil qilingan. Bundan tashqarii aholi yirik kanallarni tartibda saqlash uchun ham maxsus to‘lov (suv puli) to‘lashgan, yana yangi kanal o‘tkazish, dambalar qurishda mehnat qilgan.

          Albatta, o‘zbek xalqida suvdan foydalanish tajribasining shakllanishi juda uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Ushbu ma’lumotlar orqali, faqatgina Forish tumani misolida uning ayrim jihatlari bayon qilindi. Aslida, suvdan foydalanish sohasining o‘zini bir necha yo‘nalishda tahlil qilish mumkin. Bu borada kelgusida maqolalarda suv inshootlarining turlari, suv bilan bog‘liq sohani yuritishda mavjud qoidalar tizimi va boshqalar haqida so‘z boradi.

 

[1] Аширов А. Ўзбек маданиятида сув. – Тошкент: Akademnashr, 2020. – Б. 3.

photo_2025-01-07_14-31-49_edited_edited.
На этом языке пока нет опубликованных постов
Когда посты будут опубликованы, вы увидите их здесь.
photo_2025-01-03_09-46-12_edited.jpg

Biz haqimizda

Forish tumani turizm portali Forish tumani bo‘ylab sayohatlar uchun mo‘ljallangan sayt. Bu platforma hududning boy etnografik, tarixiy va tabiiy merosini targ‘ib qilish uchun yaratilgan. Sayt orqali tumanning diqqatga sazovor joylari, mahalliy aholi turmush tarzi, hunarmandchiligi va tabiat go‘zalliklari haqida ma’lumot olishingiz mumkin.

© 2024 by Forish Etnomadaniy Turizm. All rights reserved.

  • Youtube
  • Instagram

All Videos

All Videos

All Videos
Mujrum qishlog'idagi mehmon-uy. Гостевой дом в кишлаке Маджрум. Guesthouse in Mojrum. Forish. Фариш.

Mujrum qishlog'idagi mehmon-uy. Гостевой дом в кишлаке Маджрум. Guesthouse in Mojrum. Forish. Фариш.

12:32
Nega qishloq bunchalik katta? Почему деревня такая большая? Why is the village so big?

Nega qishloq bunchalik katta? Почему деревня такая большая? Why is the village so big?

01:46
Sizning tumanda ham shunday qishloqlar bormi? #History #Culture #RuralLife #TravelUzbekistan

Sizning tumanda ham shunday qishloqlar bormi? #History #Culture #RuralLife #TravelUzbekistan

00:46
bottom of page