top of page
Search

Hazrati Eshon xalifa ziyoratgohi haqida


Hazrati Eshon xalifa ziyoratgohi 2015-yilda madaniy meros obyekti sifatida muhofaza

qilinib, davlat reestriga kiritilgan va mahalliy aholi uchun eng muhim maskanlardan biri hisoblanadi. Bu tabarruk aholi punkti Forish tumani Andagin qishlog‘ida joylashgan. Qadamjo Jizzax shahridan 120 km, tuman markazi Bogʻdondan 45 km shimoli-gʻarbda joylashgan.

Andagin nomining etimologiyasi haqida bir necha talqinlar mavjud. Shulardan biri, akademik A.Muhammadjonovga taaluqli bo‘lib, unga asosan qadimiy sug‘d tiliga xos bo‘lgan Andagin so‘zi (andi “yaqin”, gin “suv”), suv yaqin ma’nosini beradi. Olim Andagin, Andigon, Andijon kabi toponimlarning sinonim ekanligini ta’kidlaydi. Andagin so‘zining ma’nosi qishloq aholisi oqsoqollarining so‘zlariga qaraganda “sal shoshilmoq” degan ma’noni anglatadi[9]. Ushbu hududda olib borilgan arxeologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, qishloqda taxminan IV-V asrlarda qurilgan, atrofi devor bilan o‘ralgan va mahalliy xalqni xavf-xatardan saqlash uchun xizmat qilgan, qadimiy istehkomli qal’a va qo‘rgon mavjud bo‘lgan.

“Hazrati Eshon xalifa” tarixiy yodgorligi Andagin qishlog‘ining o‘rta qismida joylashgan. Bu manzilni so‘nggi makon tutib, avliyolik maqomiga erishgan aziz zotning ismlari Jaloliddin ibn Abdukarim bo‘lib, XІX asrda yashagan va mahalliy xalq orasida Eshoni xalifa nomi bilan mashhur bo‘lgan. Niyati xolis kishi bo‘lgan, haq va haqiqatga erishish yo‘lida astoydil harakat qilgan. Buxoroning o‘z davrida mashhur bo‘lgan Mir Arab madrasasida o‘qigan, mukammal ta’lim olgan, zohiriy ilmlarni maroq bilan o‘rgangan. O‘z davrining donishmandi bo‘lgan, ushbu mo‘tabar shaxs, odam va olam mohiyati ustida bir umr mushohada yuritgan, dunyoni mukammal, hayotni to‘kis, insonni barkamol ko‘rishni orzu qilgan. Rivoyat qilishlaricha, e’tiqodi bilan o‘zgalarga namuna bo‘lgan, butun hayotini ilm, ma’rifat va donishmandlikka bag‘ishlagan aziz zotning hujralarida eski bo‘yra, kitoblar taxlanadigan taxta va yostiqdan boshqa narsasi bo‘lmagan.

Domla Jaloliddin naqshbandiya tariqatining voha bo‘ylab keng tarqalishida xolis xizmat qilgan. Naqshbandiya islom dinining falsafiy ta’limotlaridan bo‘lib, bu yo‘lga kirganlar o‘zlarini ham zohiran, ham botinan poklab, ya’ni ichki va tashqi illatlardan poklab, Alloh rizosiga erishish, haqiqatni anglash uchun o‘zlarini doimo takomillashtirib borganlar. Shu sababdan, domla Jaloliddin hazratlari karomat sohibi bo‘lishlari bilan birga, mehnat qilish evaziga ro‘zg‘or tebratishlikni xush ko‘rgan. Ul kishi butun umri davomida asosan tariqat odoblaridan saboq berib, xalqni dinga targ‘ib etish va islomiy axloqqa chorlash bilan shug‘ullangan. Shariat ahkomlariga nafaqat o‘zlari, balki boshqalarni ham to‘la va mukammal amal qilishga da’vat qilgan.

Rivoyat qilishicha, kunlarning birida pirini ziyorat qilish uchun Qizilqum cho‘lidan qozoq muridlaridan biri, urug‘ining eng boy-badavlat kishisi bilan birga uylariga tashrif buyurishadi. Mehmonlarni o‘zi kutib olib, ulovlarini bog‘laydi va qo‘llariga suv quyib, uyga taklif kiladi. Piri komil xizmatga chiqqan vaqtida boy sherigidan “Eshon qani, nimaga kelmaydi?” deb so‘raydi. Muridi boyga, xizmat qilayotgan kishi eshonning o‘zi bo‘ladi, deganda, boyning ko‘nglida “xizmatkor” eshonga nisbatan shubha paydo bo‘ladi, ammo sir boy bermaydi.

Bu voqeadan ko‘p vaqt o‘tmasdan boyning qorni damlanib, shisha boshlaydi va u qiyin ahvolga tushib qoladi. Duolari mustajob bo‘ladigan piri komilga bu holat ayon bo‘lgan va u kishi eshikdan kirishlari bilan, qozoq muridi boy gustohlik qilganligi uchun uzr so‘rab murojaat qiladi. Eshon hazrati miyig‘ida kulib, hassasi uchini boyning qorniga tegizadi va bir oz vaqt o‘tgandan keyin boy o‘ziga keladi. Shu voqeadan keyin, boy qozoq umrining oxirigacha har yili ziyoratga kelib, qo‘y suyib xudoyi qilishni kanda qilmagan. Donishmandlar deydilarki, “avliyo Xudo emas Xudo undan judo emas”. Avliyolar albatta, o‘z karomatlari bilan aziz bo‘lgan.

Ziyoratgohning hozirgi hududi salkam 0,5 gektarni tashkil etadi. Tarixiy yodgorlik usti tom bilan yopilgan uchta xonadan iborat, uning ikkitasida sag‘ana bor, uchinchisi chillaxona vazifasini bajargan. Ziyoratgoh hovlisida buloq bor va mo‘jazgina hovuz qurilgan. Chashma suvining o‘ziga xos shifobaxsh xususiyatlari bo‘lib, undan doimo tozasuv oqadi. Hovuzda ko‘plab relikt hisoblangan gulmohi baliqlar mavjud. (Qarang https://youtu.be/AcEJr9fBtN8)

Asosiy binoga kirishdagi chap tomonda joylashgan xonada ayol kishining qabri joylashgan. Hech kimga sir emaski, har doim dunyo yaralibdiki, yaxshilik bilan yomonlik kurashib keladi. Rivoyat qilinishicha, ayol kishi yosh bolasi bilan johil yovlardan qochib, ularning qo‘liga tushmaslik uchun Yaratgandan najot so‘rab iltijolar qilgan va shu joyda yer yorilib bolasi bilan birga yerga kirgan. Keyinchalik, avliyolik maqomiga erishgan domla Jaloliddin u kishining arvohi bilan (muroqaba usulida) g‘aybona uchrashadi va o‘sha uchrashgan o‘rinda qabr paydo qilinadi. Mahalliy aholi orasida yer qa’riga bolasi bilan birga g‘oyib bo‘lgan ayol “Hazrati Bibi Ro‘shnoyi” nomi bilan mashhurdir.

Ushbu tabarruk maskanning paydo bo‘lishi, uning muqaddas va mo‘tabar ziyoratgohga aylanishiga domla Jaloliddin avliyo sababchi bo‘lgan. Hovli ichkarisida diniy va milliy marosimlarni o‘tkazish uchun yangi bino qurilgan. Ziyoratgoh hovlisidan tashqarida, dam oluvchilar va ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida oshxona binosi qurilgan. Milliy marosimlar vaqtida taom tayyorlash uchun barcha oshxona jihozlari muhayyo qilingan. So‘nggi yillarda hashar yo‘li bilan tarixiy yodgorlikning ichki va tashqi tomoni tekislangan, mevali va manzarali daraxtlar o‘tkazilib obod qilingan.

Ziyoratgoh hovlisida bir nechta qadimiy tut va yong‘oq daraxtlari bor. Keksa tut daraxtining yoshi taxminan 250-300 yilni tashkil qiladi. Hovli atrofi devor bilan o‘ralgan. Asosiy bino XIX asrda qurilgan va so‘nggi marta o‘tgan asrning 60-yillarida Abdushukur maxsum homiyligida qayta ta’mirlangan. Hozirgi kunda “Hazrati Eshon xalifa” ziyoratgohi qisman ta’mirtalab holatiga kelib qolgan. Hech qanday shubha yo‘qki, mahalliy xalqning xayr-ehsonlari va saxovatpesha insonlarni say’-harakatlari bilan ziyoratgoh qayta ta’mirlanadi, natijada obod va masrur maskanga aylanadi.

Tayyorladi: PhD. Sh.M. Abdusatorov

 
 
 

Comments


photo_2025-01-03_09-46-12_edited.jpg

Biz haqimizda

Forish tumani turizm portali Forish tumani bo‘ylab sayohatlar uchun mo‘ljallangan sayt. Bu platforma hududning boy etnografik, tarixiy va tabiiy merosini targ‘ib qilish uchun yaratilgan. Sayt orqali tumanning diqqatga sazovor joylari, mahalliy aholi turmush tarzi, hunarmandchiligi va tabiat go‘zalliklari haqida ma’lumot olishingiz mumkin.

© 2024 by Forish Etnomadaniy Turizm. All rights reserved.

  • Youtube
  • Instagram

All Videos

All Videos

All Videos
Forish tuman Mojrum qishlog'i Toshqal'a xarobasi

Forish tuman Mojrum qishlog'i Toshqal'a xarobasi

04:06
Forish tumani Mojrum tog'lariga sayohat

Forish tumani Mojrum tog'lariga sayohat

00:27
Forish tumanida tarixiy yodgorliklarni muzeylashtirish tadbiri

Forish tumanida tarixiy yodgorliklarni muzeylashtirish tadbiri

02:08
bottom of page