top of page
Search

Xonbandi to‘g‘oni: O‘rta asrlar muhandislik san’ati durdonasi

O‘rta asrlarda Zarafshon vohasida an’anaviy tuproqli to‘g‘onlardan tashqari, pishiq g‘isht, tabiiy tosh va suvga chidamli gidravlik qorishmalardan barpo etilgan murakkab muhandislik inshootlari keng qo‘llanilgan. Jizzax vohasi va unga tutash hududlardagi qadimiy gidrotexnik inshootlarni tadqiq etish, nafaqat hududiy irrigatsiya tarixini, balki butun Markaziy Osiyodagi o‘rta asrlar suv xo‘jaligi texnologiyalarining evolyutsion rivojlanishini tushunish imkonini beradi. Bu kabi ob’ektlar tadqiqotchilar va sayyohlar uchun mintaqadagi tarixiy dinamikani belgilovchi muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Arxeologik tadqiqotlar va ob’ektlar. 1950–1962 yillarda Moxondaryo arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan Zarafshon vodiysi va Nurota tog‘ tizmalari atrofida qator suv omborlari va suv taqsimlovchi inshootlar qoldiqlari o‘rganildi. Ular orasida X asrga oid Xonbandi (Forish tumani), XII asrda bunyod etilgan G‘ishtband (Kattaqo‘rg‘on), XVI asrga tegishli Abdullaxonbandi (Oqchobsoy) hamda Shayboniyxon davrida qurilgan suv ayrig‘ich ko‘priklari alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, Buxoro vohasidagi “Puli Chahorminor” va “Puli Jondor” kabi ko‘priklar ham o‘sha davr muhandislik salohiyatining namunalaridir.

Xonbandi to‘g‘onining texnik tavsifi. Bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan eng qadimiy inshoot — Xonbandi to‘g‘onidir. Forish tumanidagi Osmonsoy darasida qurilgan bu to‘g‘onning yuqori qismi 51,75 metr, poydevori esa 24,35 metrni tashkil etadi. Balandligi 15,25 metr bo‘lgan ushbu inshoot yo‘nilgan granit toshlardan maxsus qorishma yordamida tiklangan. Suv omborining uzunligi 1,5 km bo‘lib, unda bahorgi sel suvlari hisobiga 1,6 million kub metrgacha zaxira to‘plangan.

Ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri. To‘plangan suv yordamida Qizilqum va Mirzacho‘l chegarasidagi taxminan 1500 gektar maydon o‘zlashtirilgan. To‘g‘ondan 6 km masofada barpo etilgan Kaltepa (ravot) xarobalari bu yerda X–XII asrlarda dehqonchilik va shahar madaniyati gullaganidan dalolat beradi. Keyinchalik inshootning ishdan chiqishi natijasida obod voha yana cho‘lga aylangan.

Muhandislik yechimlari va hisob-kitoblar. O‘rta asr irrigatorlari suv bosimini boshqarishning noyob usulini qo‘llaganlar. To‘g‘onning g‘arbiy qismida joylashgan 9 ta konussimon quvur suv sathiga qarab navbat bilan ochilgan. Quvurlarning joylashuvi suv energiyasini so‘ndirish va to‘g‘on asosini yuvilishdan asrash maqsadida qoyalarga yo‘naltirilgan.

Eng hayratlanarli jihati shundaki, X asr muhandislari suvning vertikal va gorizontal bosim kuchlarini aniq hisoblab chiqishgan. Bu inshoot Forish tumani markazidan 12 km shimolda Pastog‘ining Osmonsoy kesib o‘tgan darasi ichiga qurilgan.

To‘g‘onning uzunligi ustki qismida 51,75 m, asosida 24,35 m bo‘lib, balandligi 15,25 ga teng. (A.Muhammadjonov tadqiqotlari)

Akademik Yahuo G‘ulomov tahliliga ko‘ra, to‘g‘on granit toshlardan yo‘nib qurilgan. Toshlar suvga chidamli maxsus qurilish qorishmasi bilan bir-biriga biriktirilgan. To‘g‘on qurilgach, uning ustki befida (to‘g‘on oldi qismi) kattagina suv havzasi hosil bo‘lgan. Osmonsoy darasi ichida X asrda barpo etilgan bu suv omborining uzunligi 1,5 km, eni to‘g‘on oldida 52 m va dara og‘zida 200 m ga teng bo‘lgan. Zamonaviy statistik tahlillarga ko‘ra, (Z.H. Husanxo‘jaev tadqiqotlari), to‘g‘onning chidamlilik koeffitsienti 1,80 ga teng bo‘lib, u hatto seysmik xavflarni ham inobatga olgan holda maxsus loyiha asosida qurilgan.

Qurilish materiallari va texnologik sirlar. O‘rta asr tarixchilari o‘z asarlarida gidrotexnik inshootlar uchun ishlatiladigan qorishmalarning aniq tarkibi va miqdori haqida batafsil ma’lumot qoldirmaganlar. Ehtimol, shu sababdan ham qadimiy yodgorliklarning mustahkamligi xususida xalq orasida turli rivoyatlar keng tarqalgan. Masalan, ayrim manbalarda 1127 yilda tiklangan Buxorodagi Minorai Kalon qorishmasi tuya suti bilan qorilgani, Markaziy Qozog‘istondagi Alashxon maqbarasi (XV asr) g‘ishtlari biya sutida tayyorlangani haqida taxminlar mavjud. Xuddi shunday, XVI asrga oid Abdullaxonbandi to‘g‘onining qurilishida tuya suti va shinnidan foydalanilganligi haqidagi qarashlar ham uchraydi.

Gidrotexnik qorishmalarning tarkibiy xususiyatlari. O‘rta asrlardagi suv inshootlarida qo‘llanilgan qurilish qorishmalarining tarkibini kimyoviy tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, ular yuqori darajadagi gidravlik faollikka ega bo‘lgan. Asosiy bog‘lovchi modda sifatida ohak, gips (ganch) va maxsus o‘simlik kullarining aralashmasidan foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Bunday tarkib suv ta’sirida yanada qotish va yemirilishga qarshi chidamlilik xususiyatiga ega bo‘lib, inshootning yuzlab yillar davomida o‘z mustahkamligini yo‘qotmasligini ta’minlagan.

Inshootning nomi va qorishmaning ishlatilgan yeri

Sanasi

Qurilish qorishmasining miqdori (foiz hisobida)

Siqishdagi qattiqligi (kg/sm2 hisobida)

Suvga to‘yingan holatida

Ohak

O‘simlik kuli

Ganch

Qum

Xonbandi

X asr

 

 

 

 

 

 

Ostki to‘shamasi

37

-

-

63

89

155

Ostki qismi

40

-

-

60

73

54

O‘rta qismi

45

-

-

55

36

56

Yuqori qismi

58

-

-

42

65

65

Ushbu jadval ma’lumotlaroi A.Muhammadjonovning “Quyi Zarafshon vodiysining sug‘orilish tarixi”, -Toshkent, 1972. –B.337. asaridan olindi.

Xonbandi to‘g‘onining mustahkamligi ta’minlangan bo‘lsa-da, o‘sha davr mutaxassislari suv ombori tubida to‘planadigan loyqani chiqarib yuborish yechimini topa olishmagan. Natijada, havza vaqt o‘tishi bilan loyqaga to‘lib, o‘z funksiyasini yo‘qotgan. Shunday bo‘lsa-da, to‘g‘onning o‘zi muhandislik va me’morchilik yodgorligi sifatida hamon qad rostlab turibdi.

Xulosa va ilmiy takliflar. Xonbandi to‘g‘oni va shu kabi boshqa gidrotexnik yodgorliklarni o‘rganish asosida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

1.Muhandislik dahosi: X asr irrigatorlari nafaqat suv oqimini boshqarishni, balki gidrostatik bosim, inshootning turg‘unligi va seysmik chidamlilik kabi murakkab fizik qonuniyatlarni matematik hisob-kitoblar asosida amaliyotga tatbiq eta olganlar. Xonbandi to‘g‘onining konussimon tuzilishi va poydevorining o‘ta qalinligi buning yaqqol isbotidir.

2.Texnologik barqarorlik: Qadimiy qurilish qorishmalarining (suvga chidamli gidravlik qorishmalar) tarkibi hozirgi zamon beton texnologiyalari bilan raqobatlasha oladigan darajada sifatli bo‘lgan. Bu esa inshootning ming yil davomida tabiiy omillar ta’sirida yemirilmay saqlanishini ta’minlagan.

3.Ekologik va iqtisodiy oqibatlar: Suv omborlarining loyqalanish muammosi hal etilmagani sababli, vaqt o‘tishi bilan ushbu tizimlar ishdan chiqqan va bu vohalarning cho‘llanishiga olib kelgan. Bu tarixiy tajriba bugungi kun suv xo‘jaligi uchun ham muhim saboqdir.

Ilmiy takliflar:

·Laborator tahlillarni kengaytirish: Xonbandi va Abdullaxonbandi kabi inshootlarda ishlatilgan qorishmalarning kimyoviy tarkibini zamonaviy nanotexnologiyalar yordamida qayta o‘rganish va undagi tabiiy komponentlarni aniqlash lozim. Bu ma’lumotlar restavratsiya ishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

·Turistik klaster tashkil etish: Xonbandi to‘g‘oni hududida “Qadimiy irrigatsiya va muhandislik” mavzusida ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etish, bu orqali Jizzax vohasining turistik salohiyatini oshirish maqsadga muvofiq.

·Raqamli rekonstruksiya: Inshootning asl holatini va suv taqsimlash mexanizmini 3D modellashtirish orqali tiklash, uning ishlash prinsipini ilmiy hamjamiyat va yosh avlodga namoyish etish zarur.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1.     Муҳаммаджонов А. “Қуйи Зарафшон водийсининг суғорилиш тарихи”, -Тошкент, 1972. –B.337.

2.     Бабаханов А. О некоторых древних водохозяйственных сооружениях Узбекистана, Известия АН УзССР, Серия общественных наук, 1959, №4, -С.45.

3.     Гулямов Я.Г. К изучению древних водных сооружений в Узбекистане, Известия АН УзССР, 1955, № 2, -С.66.

4.     Гражданкина Н.С. Из истории гидротехнического строительства в Средней Азии. –С. 113-118.

5.     Ҳусанхўжаев Э.Ҳ. Гидротехника иншоотлари, - Тошкент, “Ўқитувчи”, 1968. –Б. 10-12.

 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Tarix fakulteti “Arxeologiya va etnologiya” kafedrasi dotsenti. A.D. Bababekov

 
 
 

1 Comment


Ushbu maqolalar bo'yicha fikringizni yo'llang bu biz uchun qiziqarli?

Like
photo_2025-01-03_09-46-12_edited.jpg

Biz haqimizda

Forish tumani turizm portali Forish tumani bo‘ylab sayohatlar uchun mo‘ljallangan sayt. Bu platforma hududning boy etnografik, tarixiy va tabiiy merosini targ‘ib qilish uchun yaratilgan. Sayt orqali tumanning diqqatga sazovor joylari, mahalliy aholi turmush tarzi, hunarmandchiligi va tabiat go‘zalliklari haqida ma’lumot olishingiz mumkin.

© 2024 by Forish Etnomadaniy Turizm. All rights reserved.

  • Youtube
  • Instagram

All Videos

All Videos

All Videos
Forish tuman Mojrum qishlog'i Toshqal'a xarobasi

Forish tuman Mojrum qishlog'i Toshqal'a xarobasi

04:06
Forish tumani Mojrum tog'lariga sayohat

Forish tumani Mojrum tog'lariga sayohat

00:27
Forish tumanida tarixiy yodgorliklarni muzeylashtirish tadbiri

Forish tumanida tarixiy yodgorliklarni muzeylashtirish tadbiri

02:08
bottom of page