Search Results
5 results found with an empty search
- Xonbandi to‘g‘oni: O‘rta asrlar muhandislik san’ati durdonasi
O‘rta asrlarda Zarafshon vohasida an’anaviy tuproqli to‘g‘onlardan tashqari, pishiq g‘isht, tabiiy tosh va suvga chidamli gidravlik qorishmalardan barpo etilgan murakkab muhandislik inshootlari keng qo‘llanilgan. Jizzax vohasi va unga tutash hududlardagi qadimiy gidrotexnik inshootlarni tadqiq etish, nafaqat hududiy irrigatsiya tarixini, balki butun Markaziy Osiyodagi o‘rta asrlar suv xo‘jaligi texnologiyalarining evolyutsion rivojlanishini tushunish imkonini beradi. Bu kabi ob’ektlar tadqiqotchilar va sayyohlar uchun mintaqadagi tarixiy dinamikani belgilovchi muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Arxeologik tadqiqotlar va ob’ektlar. 1950–1962 yillarda Moxondaryo arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan Zarafshon vodiysi va Nurota tog‘ tizmalari atrofida qator suv omborlari va suv taqsimlovchi inshootlar qoldiqlari o‘rganildi. Ular orasida X asrga oid Xonbandi (Forish tumani), XII asrda bunyod etilgan G‘ishtband (Kattaqo‘rg‘on), XVI asrga tegishli Abdullaxonbandi (Oqchobsoy) hamda Shayboniyxon davrida qurilgan suv ayrig‘ich ko‘priklari alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, Buxoro vohasidagi “Puli Chahorminor” va “Puli Jondor” kabi ko‘priklar ham o‘sha davr muhandislik salohiyatining namunalaridir. Xonbandi to‘g‘onining texnik tavsifi. Bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan eng qadimiy inshoot — Xonbandi to‘g‘onidir. Forish tumanidagi Osmonsoy darasida qurilgan bu to‘g‘onning yuqori qismi 51,75 metr, poydevori esa 24,35 metrni tashkil etadi. Balandligi 15,25 metr bo‘lgan ushbu inshoot yo‘nilgan granit toshlardan maxsus qorishma yordamida tiklangan. Suv omborining uzunligi 1,5 km bo‘lib, unda bahorgi sel suvlari hisobiga 1,6 million kub metrgacha zaxira to‘plangan. Ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri. To‘plangan suv yordamida Qizilqum va Mirzacho‘l chegarasidagi taxminan 1500 gektar maydon o‘zlashtirilgan. To‘g‘ondan 6 km masofada barpo etilgan Kaltepa (ravot) xarobalari bu yerda X–XII asrlarda dehqonchilik va shahar madaniyati gullaganidan dalolat beradi. Keyinchalik inshootning ishdan chiqishi natijasida obod voha yana cho‘lga aylangan. Muhandislik yechimlari va hisob-kitoblar. O‘rta asr irrigatorlari suv bosimini boshqarishning noyob usulini qo‘llaganlar. To‘g‘onning g‘arbiy qismida joylashgan 9 ta konussimon quvur suv sathiga qarab navbat bilan ochilgan. Quvurlarning joylashuvi suv energiyasini so‘ndirish va to‘g‘on asosini yuvilishdan asrash maqsadida qoyalarga yo‘naltirilgan. Eng hayratlanarli jihati shundaki, X asr muhandislari suvning vertikal va gorizontal bosim kuchlarini aniq hisoblab chiqishgan. Bu inshoot Forish tumani markazidan 12 km shimolda Pastog‘ining Osmonsoy kesib o‘tgan darasi ichiga qurilgan. To‘g‘onning uzunligi ustki qismida 51,75 m, asosida 24,35 m bo‘lib, balandligi 15,25 ga teng . (A.Muhammadjonov tadqiqotlari) Akademik Yahuo G‘ulomov tahliliga ko‘ra, t o‘g‘on granit toshlardan yo‘nib qurilgan. Toshlar suvga chidamli maxsus qurilish qorishmasi bilan bir-biriga biriktirilgan. To‘g‘on qurilgach, uning ustki befida (to‘g‘on oldi qismi) kattagina suv havzasi hosil bo‘lgan. Osmonsoy darasi ichida X asrda barpo etilgan bu suv omborining uzunligi 1,5 km , eni to‘g‘on oldida 52 m va dara og‘zida 200 m ga teng bo‘lgan. Zamonaviy statistik tahlillarga ko‘ra, (Z.H. Husanxo‘jaev tadqiqotlari), to‘g‘onning chidamlilik koeffitsienti 1,80 ga teng bo‘lib, u hatto seysmik xavflarni ham inobatga olgan holda maxsus loyiha asosida qurilgan. Qurilish materiallari va texnologik sirlar. O‘rta asr tarixchilari o‘z asarlarida gidrotexnik inshootlar uchun ishlatiladigan qorishmalarning aniq tarkibi va miqdori haqida batafsil ma’lumot qoldirmaganlar. Ehtimol, shu sababdan ham qadimiy yodgorliklarning mustahkamligi xususida xalq orasida turli rivoyatlar keng tarqalgan. Masalan, ayrim manbalarda 1127 yilda tiklangan Buxorodagi Minorai Kalon qorishmasi tuya suti bilan qorilgani, Markaziy Qozog‘istondagi Alashxon maqbarasi (XV asr) g‘ishtlari biya sutida tayyorlangani haqida taxminlar mavjud. Xuddi shunday, XVI asrga oid Abdullaxonbandi to‘g‘onining qurilishida tuya suti va shinnidan foydalanilganligi haqidagi qarashlar ham uchraydi. Gidrotexnik qorishmalarning tarkibiy xususiyatlari. O‘rta asrlardagi suv inshootlarida qo‘llanilgan qurilish qorishmalarining tarkibini kimyoviy tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, ular yuqori darajadagi gidravlik faollikka ega bo‘lgan. Asosiy bog‘lovchi modda sifatida ohak, gips (ganch) va maxsus o‘simlik kullarining aralashmasidan foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Bunday tarkib suv ta’sirida yanada qotish va yemirilishga qarshi chidamlilik xususiyatiga ega bo‘lib, inshootning yuzlab yillar davomida o‘z mustahkamligini yo‘qotmasligini ta’minlagan. Inshootning nomi va qorishmaning ishlatilgan yeri Sanasi Qurilish qorishmasining miqdori (foiz hisobida) Siqishdagi qattiqligi (kg/sm 2 hisobida) Suvga to‘yingan holatida Ohak O‘simlik kuli Ganch Qum Xonbandi X asr Ostki to‘shamasi 37 - - 63 89 155 Ostki qismi 40 - - 60 73 54 O‘rta qismi 45 - - 55 36 56 Yuqori qismi 58 - - 42 65 65 Ushbu jadval ma’lumotlaroi A.Muhammadjonovning “Quyi Zarafshon vodiysining sug‘orilish tarixi”, -Toshkent, 1972. –B.337. asaridan olindi. Xonbandi to‘g‘onining mustahkamligi ta’minlangan bo‘lsa-da, o‘sha davr mutaxassislari suv ombori tubida to‘planadigan loyqani chiqarib yuborish yechimini topa olishmagan. Natijada, havza vaqt o‘tishi bilan loyqaga to‘lib, o‘z funksiyasini yo‘qotgan. Shunday bo‘lsa-da, to‘g‘onning o‘zi muhandislik va me’morchilik yodgorligi sifatida hamon qad rostlab turibdi. Xulosa va ilmiy takliflar. Xonbandi to‘g‘oni va shu kabi boshqa gidrotexnik yodgorliklarni o‘rganish asosida quyidagi xulosalarga kelish mumkin: 1. Muhandislik dahosi: X asr irrigatorlari nafaqat suv oqimini boshqarishni, balki gidrostatik bosim, inshootning turg‘unligi va seysmik chidamlilik kabi murakkab fizik qonuniyatlarni matematik hisob-kitoblar asosida amaliyotga tatbiq eta olganlar. Xonbandi to‘g‘onining konussimon tuzilishi va poydevorining o‘ta qalinligi buning yaqqol isbotidir. 2. Texnologik barqarorlik: Qadimiy qurilish qorishmalarining (suvga chidamli gidravlik qorishmalar) tarkibi hozirgi zamon beton texnologiyalari bilan raqobatlasha oladigan darajada sifatli bo‘lgan. Bu esa inshootning ming yil davomida tabiiy omillar ta’sirida yemirilmay saqlanishini ta’minlagan. 3. Ekologik va iqtisodiy oqibatlar: Suv omborlarining loyqalanish muammosi hal etilmagani sababli, vaqt o‘tishi bilan ushbu tizimlar ishdan chiqqan va bu vohalarning cho‘llanishiga olib kelgan. Bu tarixiy tajriba bugungi kun suv xo‘jaligi uchun ham muhim saboqdir. Ilmiy takliflar: · Laborator tahlillarni kengaytirish: Xonbandi va Abdullaxonbandi kabi inshootlarda ishlatilgan qorishmalarning kimyoviy tarkibini zamonaviy nanotexnologiyalar yordamida qayta o‘rganish va undagi tabiiy komponentlarni aniqlash lozim. Bu ma’lumotlar restavratsiya ishlarida muhim ahamiyat kasb etadi. · Turistik klaster tashkil etish: Xonbandi to‘g‘oni hududida “Qadimiy irrigatsiya va muhandislik” mavzusida ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etish, bu orqali Jizzax vohasining turistik salohiyatini oshirish maqsadga muvofiq. · Raqamli rekonstruksiya: Inshootning asl holatini va suv taqsimlash mexanizmini 3D modellashtirish orqali tiklash, uning ishlash prinsipini ilmiy hamjamiyat va yosh avlodga namoyish etish zarur. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati 1. Муҳаммаджонов А. “Қуйи Зарафшон водийсининг суғорилиш тарихи”, -Тошкент, 1972. –B.337. 2. Бабаханов А. О некоторых древних водохозяйственных сооружениях Узбекистана, Известия АН УзССР, Серия общественных наук, 1959, №4, -С.45. 3. Гулямов Я.Г. К изучению древних водных сооружений в Узбекистане, Известия АН УзССР, 1955, № 2, -С.66. 4. Гражданкина Н.С. Из истории гидротехнического строительства в Средней Азии. –С. 113-118. 5. Ҳусанхўжаев Э.Ҳ. Гидротехника иншоотлари, - Тошкент, “Ўқитувчи”, 1968. –Б. 10-12. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Tarix fakulteti “Arxeologiya va etnologiya” kafedrasi dotsenti. A.D. Bababekov
- Narvoy ota ziyoratgohi haqida
Forish tumani hududida joylashgan Narvoy qishlog‘i Nurota tog‘ tizmasining janubiy dala-dashtlaridagi eng katta qishloqlardan biri hisoblanadi. Qishloqning tabiati nihoyatda go‘zal, ikki tomonida baland adirliklar, sersuv buloqlari ko‘pdir. Qishloqning eng yuqori qismida “Suvqo‘shilish”, “Narvoy ota”, “Haydarboyning hayoti”, “Qo‘nishboyning ravoti”, “To‘ng‘izlik mulla Ahmad boboning bog‘i”, “Kenjaboyning hayoti”, “Allayorboyning olmazori”, “Keldiyorboyning o‘rikzori” deb atalguvchi mevali va manzarali daraxtzorlardan iborat go‘zal bog‘lar mavjud. Bu bog‘lar yakka xo‘jalikni tugatish yillarida davlat mulkiga aylantirilgan[1]. “Narvoy ota” qabristonida qabrlar ustiga qo‘yilgan beshik shaklidagi marmar toshlar va undagi yozuvlar qishloq tarixiga guvohlik beradi. Yozuvlar arab va fors tilida yozilgan. Axborotchilar ma’lumot berishicha, 2003 yilda narvoyliklar iltimosiga asosan, olimlar Faxriddin va Muzaffar eshonlar qabr toshlaridagi yozuvlarni o‘qib, sharhlab bergan. Birinchi qabrtoshida: “Qutlug‘ Xo‘ja qizi bibi Qutlug‘ Tekin 77 yoshda bandalikni bajo keltirdi”, deb yozilgan ed. Ikkinchi qabrtoshda: “Shamsutdin Sayfutdin o‘g‘li 867 hijriy yilda qo‘yildi”, deb yozilgan[2]. Qishloq nomining “Narvoy” deb atalishi haqida ham yozma manbalarda ma’lumotlar topilmagan. Rivoyatlarga ko‘ra, qishloq aholisining kelib chiqishi o‘zbeklarning 92 urug‘idan biri mang‘itlarga borib taqaladi. Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asarida yozilishicha, “Mang‘it” so‘zi “manglayli ot” degan ma’noni bildiradi. Otning hammasida ham manglay bo‘ladi, lekin gap otning manglayidagi qashqasi haqida ketmoqda. Otning oq qashqasi borini minguvchilar “oq mang‘it”, qora qashqasi borini minguvchilarni “qora mang‘it” deb atalgan. Shuning uchun axborotchilarning aytishicha, ana shu mang‘it urug‘idan bir guruhi Narvoy qishlog‘iga ko‘chib kelib joylashganida ular orasida eng katta yoshdagi inson Narvoy bobo bo‘lgan. U kishi shayx bo‘lib, hozirgi “Narvoy ota ziyoratgohi” o‘rnida yashagan va shu yerdagi g‘orga kirib g‘oyib bo‘lgan ekan[3]. Alisher Navoiy asarlari lug‘atida “narvoy” “sersoya, daraxtlar tig‘iz o‘sadigan joy” ma’nosini bildiradi, deb ko‘rsatilgan. Haqiqatan ham “Narvoy ota”da behisob buloq suvlari biri-biriga ko‘shilib katta chashma hosil qilib oqib yotadi. Chashmaning ikki yoqasida o‘n metrdan ellik metrgacha kenglikda sersoya, sarvqomat, qurilishbop manzarali daraxtlarning borligi yuqoridagi lug‘aviy ma’noni tasdiqlaydi[4]. Xulosa qilib aytish mumkinki, Jizzax vohasi xususan, Forish tumani turli shakldagi ziyoratgoh va qadamjolarga boy mintaqa hisoblanadi. Ular qadimdan voha aholisi tomonidan asrab-avaylab kelinganligini kuzatishimiz mumkin. Ziyoratgohlarda insonlar ajdodlar an’anasini davom ettirish, shaxsiy hayotidagi muammolarni bartaraf etish va jamoaviy tadbirlar sababli turli ko‘rinishdagi marosimlar o‘tkazib kelishgan. Shuningdek, ziyoratgohlar, qadamjolar va ular bilan bog‘liq urf-odatlar, marosimlar o‘zida Forish tumani tarixi va etnografiyasini aks ettirgan. Adabiyotlar: 1. Эралиев Б, Остонақулов И, Ақчаев Ф. Ўзбекистон зиёратгоҳлари ва қадамжолари. 4-китоб. – Тошкент: Туронзамин, 2017. – Б. 111. 2. Dala yozuvlari. Jizzax viloyati, Forish tumani, Narvoy qishlog‘i, 2024 yil. 3. Dala yozuvlari. Jizzax viloyati, Forish tumani, Narvoy qishlog‘i, 2024 yil. 4. Эралиев Б, Остонақулов И, Ақчаев Ф. Ўзбекистон зиёратгоҳлари ва қадамжолари. 4-китоб. – Тошкент: Туронзамин, 2017. – Б. 112. Tayyorladi: PhD. Sh.M. Abdusatorov
- “Jondahor ota” ziyoratgohi haqida
Forish tumanining tog‘li Garasha qishlog‘ida yana bir Muhammad Sharif (Mavlono Grekushoh) nomi bilan aziz bo‘lgan ikkita ziyorat manzili bor. Birinchisi, u kishining xonaqohi bo‘lsa, ikkinchisi “Jondahor ota” (“jonga rohat beruvchi”, “jonga darmon beruvchi” ma’nosida) ziyoratgohi hisoblanadi. Ziyoratgoh nazoratchisi, Saidmurod ota Tolipov shunday yozadi: “Muhammad Sharif (Mavlono Grekushoh) payg‘ambarzodalardan bo‘lib, payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning qizi Bibi Fotimadan chiqqan Imom Husayn, Imom Zaynul Obidin avlodlaridan bo‘lib, Xoja Ahmad Yassaviy hazratlarining shogirdlaridan edi. Ustozlari uni bir oq tuyaga mindirib fotiha berib jo‘natadilar. Tuyalari o‘sha “Jondahar ota” manzilgohiga kelib to‘xtaydi va o‘sha joyga tushib, suvsiz joyga asolarini urib chashmani chiqaradilar, so‘ngra bu joyda makon tutadi”. Garasha (Mavlono Grekushoh) qishlog‘ining nomi “tugun yechuvchi” so‘zidan olingan bo‘lishi mumkin. Ba’zan buloq atrofida minglab odamlar uchun tepalik-qo‘rg‘on quriladi. Rivoyatlarga ko‘ra, bu qurilish XII asrda amalga oshirilgan. Axborotchilarning ma’lumot berishicha, “buloq suvi shifobaxsh xususiyatiga ega bo‘lib, masalan, sariq kasallikni davolaydi, teridagi turli dog‘larni ketkazadi, quturgan it tishlaganlar shu suvda cho‘miladi, bu buloqning suvidan ichish turli oshqozon-ichak kasalliklariga ham foydalidir”. Garasha qishlog‘i keksalari Umarxon bobo Ixtiyorov, Homid bobo Abdurahmonov, Rauf bobo Rashidov, Abdurahmon bobo Asrorov, Sulaymon bobo Tovboyevlar tomonidan saqlab kelingan juda ko‘hna arab imlosidagi ikki hujjat 2000-yilda respublika Madaniyat va sport ishlari vazirligiga taqdim etilgan bo‘lib, ular o‘rganib chiqilgan. Birinchi hujjatning orqasida muhri bor, lekin u kimning muhri ekanligini aniqlash imkoni bo‘lmagan. Hujjatda keltirilgan sana 841 hijriy yil hisobi bo‘lib, milodiy 1438 yil, ya’ni Movarounnahr poytaxti Samarqandda Sulton Mirzo Ulug‘bek hukmronlik qilayotgan davrga to‘g‘ri keladi. Unda, jumladan, quyidagilar yozilgan: “Hijriy 841-yil rabi ul-avval oyining 12-kunida sulton yozgan guvohnomada (bu yerda Mirzo Ulug‘bek nazarda tutilmoqda) Mavlono Garishoh yaqinlaridan bo‘lgan hoji Shamsiddin Muhammadga So‘g‘di Kalon mavzesidagi Marvak qishlog‘i suyurg‘ol tarzida taqdim etilgan. Ikkinchi hujjatda “909-hijriy (1503 milodiy yili) Mavlono Garishoh avlodidan bo‘lgan kishiga hadya qilingan... (o‘qib bo‘lmadi). So‘g‘di Kalon tumanidagi qishloq va yerlarni suyurg‘ol tarzda berilgan” deyiladi. (Qarang: https://youtube.com/shorts/tOOD5AGZoh4?si=BxkIAcP9gLJedIte ) Mustaqillik yillarida Muhammad Sharif xonaqosi, masjidi qayta ta’mirlanib, yangicha qiyofa kasb etgan. “Jondahar ota” ziyoratgohida buloqni muhofaza qilish, obodonlashtirish yuzasidan katta ishlar qilingan. Garasha qishlog‘ining tarixi haqida shu yerda tug‘ilib, kamol topgan ko‘plab ziyolilar ham tarixiy, adabiy va etnografik maqolalar yozishgan. Shoir va jurnalist, jamoat arbobi Sa’dulla Hakim Garasha afsonalari ta’sirida yaxshi she’rlar bitganligi hammaga ma’lum. Adabiyotlar: 1. Dala yozuvlari. Jizzax viloyati, Forish tumani, Garasha qishlog‘i, 2024 yil. 2. Эралиев Б, Остонақулов И, Ақчаев Ф. Ўзбекистон зиёратгоҳлари ва қадамжолари. 4-китоб. – Тошкент: Туронзамин, 2017. – Б. 111. Tayyorladi: PhD. Sh.M. Abdusatorov
- Hazrati Eshon xalifa ziyoratgohi haqida
Hazrati Eshon xalifa ziyoratgohi 2015-yilda madaniy meros obyekti sifatida muhofaza qilinib, davlat reestriga kiritilgan va mahalliy aholi uchun eng muhim maskanlardan biri hisoblanadi. Bu tabarruk aholi punkti Forish tumani Andagin qishlog‘ida joylashgan. Qadamjo Jizzax shahridan 120 km, tuman markazi Bogʻdondan 45 km shimoli-gʻarbda joylashgan. Andagin nomining etimologiyasi haqida bir necha talqinlar mavjud. Shulardan biri, akademik A.Muhammadjonovga taaluqli bo‘lib, unga asosan qadimiy sug‘d tiliga xos bo‘lgan Andagin so‘zi (andi “yaqin”, gin “suv”), suv yaqin ma’nosini beradi. Olim Andagin, Andigon, Andijon kabi toponimlarning sinonim ekanligini ta’kidlaydi. Andagin so‘zining ma’nosi qishloq aholisi oqsoqollarining so‘zlariga qaraganda “sal shoshilmoq” degan ma’noni anglatadi[9]. Ushbu hududda olib borilgan arxeologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, qishloqda taxminan IV-V asrlarda qurilgan, atrofi devor bilan o‘ralgan va mahalliy xalqni xavf-xatardan saqlash uchun xizmat qilgan, qadimiy istehkomli qal’a va qo‘rgon mavjud bo‘lgan. “Hazrati Eshon xalifa” tarixiy yodgorligi Andagin qishlog‘ining o‘rta qismida joylashgan. Bu manzilni so‘nggi makon tutib, avliyolik maqomiga erishgan aziz zotning ismlari Jaloliddin ibn Abdukarim bo‘lib, XІX asrda yashagan va mahalliy xalq orasida Eshoni xalifa nomi bilan mashhur bo‘lgan. Niyati xolis kishi bo‘lgan, haq va haqiqatga erishish yo‘lida astoydil harakat qilgan. Buxoroning o‘z davrida mashhur bo‘lgan Mir Arab madrasasida o‘qigan, mukammal ta’lim olgan, zohiriy ilmlarni maroq bilan o‘rgangan. O‘z davrining donishmandi bo‘lgan, ushbu mo‘tabar shaxs, odam va olam mohiyati ustida bir umr mushohada yuritgan, dunyoni mukammal, hayotni to‘kis, insonni barkamol ko‘rishni orzu qilgan. Rivoyat qilishlaricha, e’tiqodi bilan o‘zgalarga namuna bo‘lgan, butun hayotini ilm, ma’rifat va donishmandlikka bag‘ishlagan aziz zotning hujralarida eski bo‘yra, kitoblar taxlanadigan taxta va yostiqdan boshqa narsasi bo‘lmagan. Domla Jaloliddin naqshbandiya tariqatining voha bo‘ylab keng tarqalishida xolis xizmat qilgan. Naqshbandiya islom dinining falsafiy ta’limotlaridan bo‘lib, bu yo‘lga kirganlar o‘zlarini ham zohiran, ham botinan poklab, ya’ni ichki va tashqi illatlardan poklab, Alloh rizosiga erishish, haqiqatni anglash uchun o‘zlarini doimo takomillashtirib borganlar. Shu sababdan, domla Jaloliddin hazratlari karomat sohibi bo‘lishlari bilan birga, mehnat qilish evaziga ro‘zg‘or tebratishlikni xush ko‘rgan. Ul kishi butun umri davomida asosan tariqat odoblaridan saboq berib, xalqni dinga targ‘ib etish va islomiy axloqqa chorlash bilan shug‘ullangan. Shariat ahkomlariga nafaqat o‘zlari, balki boshqalarni ham to‘la va mukammal amal qilishga da’vat qilgan. Rivoyat qilishicha, kunlarning birida pirini ziyorat qilish uchun Qizilqum cho‘lidan qozoq muridlaridan biri, urug‘ining eng boy-badavlat kishisi bilan birga uylariga tashrif buyurishadi. Mehmonlarni o‘zi kutib olib, ulovlarini bog‘laydi va qo‘llariga suv quyib, uyga taklif kiladi. Piri komil xizmatga chiqqan vaqtida boy sherigidan “Eshon qani, nimaga kelmaydi?” deb so‘raydi. Muridi boyga, xizmat qilayotgan kishi eshonning o‘zi bo‘ladi, deganda, boyning ko‘nglida “xizmatkor” eshonga nisbatan shubha paydo bo‘ladi, ammo sir boy bermaydi. Bu voqeadan ko‘p vaqt o‘tmasdan boyning qorni damlanib, shisha boshlaydi va u qiyin ahvolga tushib qoladi. Duolari mustajob bo‘ladigan piri komilga bu holat ayon bo‘lgan va u kishi eshikdan kirishlari bilan, qozoq muridi boy gustohlik qilganligi uchun uzr so‘rab murojaat qiladi. Eshon hazrati miyig‘ida kulib, hassasi uchini boyning qorniga tegizadi va bir oz vaqt o‘tgandan keyin boy o‘ziga keladi. Shu voqeadan keyin, boy qozoq umrining oxirigacha har yili ziyoratga kelib, qo‘y suyib xudoyi qilishni kanda qilmagan. Donishmandlar deydilarki, “avliyo Xudo emas Xudo undan judo emas”. Avliyolar albatta, o‘z karomatlari bilan aziz bo‘lgan. Ziyoratgohning hozirgi hududi salkam 0,5 gektarni tashkil etadi. Tarixiy yodgorlik usti tom bilan yopilgan uchta xonadan iborat, uning ikkitasida sag‘ana bor, uchinchisi chillaxona vazifasini bajargan. Ziyoratgoh hovlisida buloq bor va mo‘jazgina hovuz qurilgan. Chashma suvining o‘ziga xos shifobaxsh xususiyatlari bo‘lib, undan doimo tozasuv oqadi. Hovuzda ko‘plab relikt hisoblangan gulmohi baliqlar mavjud. (Qarang https://youtu.be/AcEJr9fBtN8 ) Asosiy binoga kirishdagi chap tomonda joylashgan xonada ayol kishining qabri joylashgan. Hech kimga sir emaski, har doim dunyo yaralibdiki, yaxshilik bilan yomonlik kurashib keladi. Rivoyat qilinishicha, ayol kishi yosh bolasi bilan johil yovlardan qochib, ularning qo‘liga tushmaslik uchun Yaratgandan najot so‘rab iltijolar qilgan va shu joyda yer yorilib bolasi bilan birga yerga kirgan. Keyinchalik, avliyolik maqomiga erishgan domla Jaloliddin u kishining arvohi bilan (muroqaba usulida) g‘aybona uchrashadi va o‘sha uchrashgan o‘rinda qabr paydo qilinadi. Mahalliy aholi orasida yer qa’riga bolasi bilan birga g‘oyib bo‘lgan ayol “Hazrati Bibi Ro‘shnoyi” nomi bilan mashhurdir. Ushbu tabarruk maskanning paydo bo‘lishi, uning muqaddas va mo‘tabar ziyoratgohga aylanishiga domla Jaloliddin avliyo sababchi bo‘lgan. Hovli ichkarisida diniy va milliy marosimlarni o‘tkazish uchun yangi bino qurilgan. Ziyoratgoh hovlisidan tashqarida, dam oluvchilar va ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida oshxona binosi qurilgan. Milliy marosimlar vaqtida taom tayyorlash uchun barcha oshxona jihozlari muhayyo qilingan. So‘nggi yillarda hashar yo‘li bilan tarixiy yodgorlikning ichki va tashqi tomoni tekislangan, mevali va manzarali daraxtlar o‘tkazilib obod qilingan. Ziyoratgoh hovlisida bir nechta qadimiy tut va yong‘oq daraxtlari bor. Keksa tut daraxtining yoshi taxminan 250-300 yilni tashkil qiladi. Hovli atrofi devor bilan o‘ralgan. Asosiy bino XIX asrda qurilgan va so‘nggi marta o‘tgan asrning 60-yillarida Abdushukur maxsum homiyligida qayta ta’mirlangan. Hozirgi kunda “Hazrati Eshon xalifa” ziyoratgohi qisman ta’mirtalab holatiga kelib qolgan. Hech qanday shubha yo‘qki, mahalliy xalqning xayr-ehsonlari va saxovatpesha insonlarni say’-harakatlari bilan ziyoratgoh qayta ta’mirlanadi, natijada obod va masrur maskanga aylanadi. Tayyorladi: PhD. Sh.M. Abdusatorov
- Mojrumda ochiq osmon ostidagi etnoturistik maskan tashkil etiladi
Tark etilgan shahar qoldiqlari Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar doirasida Oʻzbekiston milliy universiteti tomonidan Jizzax viloyatida “Tarixiy obyektlar va tabiiy maskanlar uygʻunligi asosida Forish tumani turistik salohiyatini oshirish” nomli amaliy loyiha boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyiha doirasida universitetning Tarix fakulteti “Arxeologiya” kafedrasi professor-oʻqituvchilari joriy yilning avgust noyabr oylarida Forish tumanida oʻtkazgan dala etnografik va arxeologik tadqiqotlari davrida tumanning turistik salohiyatini oshirish maqsadida Uxum, Mojrum, Garasha, Osmonsoy, Uchquloch, Andagen, Egizbuloq, Qoratosh kabi qishloqlari yaqindan oʻrganildi. Ayniqsa Mojrum qishlogʻida tarixiy-etnografik manzillar yaxshi saqlangan boʻlib, u yerda yashayotgan turli etnik va etnografik guruhlar oʻzlarining anʼanaviy turmush tarzini bugungi kunga qadar yaxshi saqlab kelayotganligi aniqlandi. Mojrum qishlogʻida etnografik turizmni rivojlantirish orqali tarixiy madaniyat joylariga, etnografik qishloq muhitiga tashriflarni yoʻlga qoʻyish orqali Forish tumanida turizm marshrutlarini ishlab chiqish va turpaketlarni taklif qilish borasida ishlar boshlab yuborilgan. Mojrum qishlogʻining boy etnografiyasi, anʼanaviy moddiy va maʼnaviy madaniyati “Mojrum” ochiq osmon ostidagi etnoturistik maskan joriy etilishida asos boʻlmoqda. Ayniqsa, Mojrumning goʻzal tabiati va bugungi kunga qadar qishloqlarda saqlanayotgan folklor marosimlar, mahalliy aholi tomonidan foydalanilayotgan anʼanaviy temirchilik, tegirmonchilik kabi hunarmandchilik turlari sayyohlar uchun haqiqiy maʼnodagi ekzotikani taqdim eta oladi. Muallif: PhD Nabijon Narziyev




